12:35 Prostatit dardining kechish tasnifi. | |
Prostatit kasalligining turli xil tasniflari mavjud. Risolamiz keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallanganligini nazarda tutib, dardning kechish tarziga qarab, shartli tasnif keltirishni lozim bildik. O‘z paytida mukammal davolanmagan prostatit dardi quyidagi shartli uch bosqichni bosib o‘tadi. Birinchi bosqich Birinchi bosqich, ya’ni shikastlanishning ilk bosqichi har qanday a’zodagi o‘tkir yallig‘lanish jarayoniga o‘xshab ketadi. Prostata bezida to‘qimalarning shishishi, yiringli elementlar hosil bo‘lishi, mayda tomirlarda qon dimlanishi kabi belgilar kuzatiladi. Prostatit kasalligi boshqa a’zolardagi yallig‘lanish dardlaridan farqli o‘laroq, gohida o‘tkir tusda kechmasligi xam mumkin. Aniqrog‘i, dard birlamchi surunkali tusda vujudga kelishi ko‘p kuzatiladi. Surunkali prostatitning ilk bosqichida bemor dardni ilg‘ab olishi juda qiyin. Birlamchi surunkali tusda vujudga keluvchi prostatit kasalligining ilk bosqichi 2-3 yilgacha davom etishi kuzatiladi. Goho kasallikning ushbu bosqichi tanadagi boshqa a’zoning o‘tkir tusdagi yallig‘lanishi bilan bir vaqtda vujudga kelganligi tufayli e’tibordan chetda qolishi mumkin. Masalan, tumov, nislonefrit, tsistit, uretrit kabi qator dardlar o‘tkir tusda kechayotgan paytda parallel tarzda prostata ham shikastlanadi. Angina, bodomcha bezlarning yallig‘lanishi, jigar, og‘iz va burun bo‘shlig‘i, tishlardagi nosog‘lomlik xam prostatitning ushbu bosqichini payqamasligimizga sabab bo‘ladi. Birinchi bosqichda prostata bezida hamda unga umumiy nerv va qon tomirlari vositasida bog‘langan a’zolarda keskin o‘zgarishlar ro‘y bera boshlaydi. Bu dardga xos alomatlar chot, orqa teshik hududi, yorg‘oqlar, bel va dumg‘aza hududida og‘riq hissining paydo bo‘lishida xam ko‘rinadi. Tez-tez, og‘riq bilan siyish, gohida esa hojatga chiqishning qiyinlashishi ham kuzatiladi. Aksari bemorlar bu bosqichda jinsiy maylning kuchayganligini, ammo shahvat chiqishining tez va og‘riqli kechayotganligini ta’kidlaydilar. Ammo bemorlarning umumiy ahvolida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y bermasligi ham mumkin. Shu sababli bu bosqichda bemorlarning atigi 25 foizi mutaxassis shifokorlarga murojaat qilishar ekan. Kasallikni yuqoridagidek bosqichlarga bo‘lish o‘ta nisbiy hol, ya’ni bu bosqichlarning orasiga aniq chegara o‘rnatib bo‘lmaydi. Ikkinchi bosqich Ikkinchi bosqich, ya’ni dardning ancha chuqurlashgan bosqichida yallig‘lanish jarayonining shashti biroz pasayadi. Sanoqsiz mayda tomirchalarda dimlanish ro‘y berganligi bois qoning asta-sekin uyushib, qotib qolishi, ya’ni tromblar paydo bo‘lishi prostata bezidagi me’yoriy jarayonlarni izdan chiqaradi. Natijada prostata bezining faoliyat ko‘rsatayotgan to‘qimalari ham asta-sekin biriktiruvchi to‘qimalar, ya’ni chandiqlar bilan almashib boradi. Bu esa erkaklarga xos gormonlar miqdorining pasayishiga, prostata bezi faoliyatining keskin buzilishiga olib keladi. Shuningdek, qo‘shni a’zolar va asab-ruhiy sistemasida ham faoliyatning izdan chiqishi kuzatiladi. Deyarli 70 foiz bemorlar shifokor qabuliga aynan ushbu bosqichda murojaat qiladilar. Birinchi bosqichda uchraydigan ayrim alomatlar yo‘qolsa-da, g‘ashga teguvchi, simillab turadigan og‘riqning davomiyligi biroz pasaygan tarzda saqlanib qoladi. Ammo ko‘pchilik bemorlarda ruhan tushkunlik, jizzakilik, seruyqulik, jahldorlik kabi umumiy o‘zgarishlar kuzatiladi. Shahvatning miqdori kamayib, sifati yomonlashadi, jinsiy mayl va erektsiya (olat taranglashuvi) susayadi. Dastlab, urug‘ning o‘ta tez, deyarli lazzat hissisiz to‘kilishi kuzatiladigan bo‘lsa, keyinchalik jinsiy aloqaning toliqtiradigan darajada uzoq cho‘zilishi ro‘y berishi mumkin. Ammo erektsiyaning noto‘liqligi, goxo shahvat to‘kilmasdan butkul yo‘qolishi ayolda inzol hissi paydo bo‘lishiga imkon bermaydi. Bu bosqichning uzoq yillar davom etishi asab tizimida va ruhiyatda beqarorlikning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Buning natijasida, ba’zi bemorlar o‘z ichki tuyg‘ularini mubolag‘alashgan tarzda talqin eta boshlashadi. Bemorlar dardni bedavo hisoblab, o‘z sezgilarini ko‘pirtirib tasvirlashadi. Ayrimlari esa tabobatning kuchiga mutlaqo ishonmay qo‘yib, har xil tabiblar va folbinlarlarga murojaat qilishadi. Hozirgi kunda xorijdan kelayotgan har xil shubhali, “sehrli” dorivorlarni sotuvchi soxta ishbilarmonlar ham bemorlarni aynan ushbu bosqichda avrashadi. Zaruriy muolajalar tarkibiga kiruvchi prostata bezining massaji ushbu bosqichda muhim ahamiyatga ega. Zero, chandiqqa aylangan to‘qimalarni mexanik ta’sirotsiz o‘zgartirish mushkul. Uchinchi bosqich Uchinchi bosqich, ya’ni sklerotik bosqichda yallig‘lanish jarayoni deyarli to‘liq to‘xtaydi. Zero, bu bosqichda kasallik prostata bezining butun hududini izdan chiqarib ulguradi. Prostata bezining katta qismi chandiqqa aylanib, ayrim joylarda mitti orolcha shaklidagi, ishlamaydigan to‘qimalarni ilg‘ash mumkin bo‘ladi. Prostata bezi biriktiruvchi to‘qimalar bilan almashganligi bois yanada bujmayib, kichrayib ketadi. Bu esa peshob chiqaruv kanalining siqilib qolishiga sabab bo‘ladi. Bu bosqichda prostata bezining qattiq va notekis bo‘lib qolganligini paypaslab ko‘rib aniqlash mumkin. Surunkali prostatitning bu bosqichida bemorlar davolanishga ishonchlarini yo‘qotganligi bois mutaxassislarga kamroq murojaat qilishadi. Bu bosqichda bemorlar peshobning kam chiqishi, shiddati pastligi, ammo tez-tez qistashidan shikoyat qilishadi. Peshob chiqishining kamayganligi va qiyinlashganligi bois buyraklar, peshobo‘tar (ureter) va siydik qopchalarida dimlanish jarayoni ro‘y berib, tosh hosil bo‘lish ehtimoli ko‘payadi. Aksariyat bemorlarda radikulitga xos bel-dumg‘aza sohasidagi og‘riqlar kuzatiladi. Mayl mavjud bo‘lsada, bemor jinsiy aloqaga yaroqsiz bo‘lib qoladi. Zamonaviy tib ilmida surunkali prostatitning mukammal tasniflari mavjud. Biz keltirgan mazkur bosqichli tasnif, yuqorida ta’kidlaganimizdek, keng o‘quvchilar ommasiga tushunarli, sodda tasnifdir. Surunkali prostatit kasalligidan butkul forig‘ bo‘lish uchun mutaxassisga imkon qadar barvaqtroq murojaat etishning ahamiyati cheksizdir. Afsuski, ko‘pchilik bemorlar o‘z dardlaridan jarrox, nevropatolog, proktolog kabi shifokorlarning qabulida tasodifan xabar topadilar. Ayrim bemorlar esa farzandsizlik tufayli tekshirishlardan o‘tganlaridagina kasal ekanliklaridan boxabar bo‘ladilar | |
|
Барча изохлар: 0 | |