MENU
Бош сахифа » 2015 » Март » 2 » Erkaklar jinsiy a’zolarining tuzilishi (anatomiyasi
12:11
Erkaklar jinsiy a’zolarining tuzilishi (anatomiyasi


Ma’lumki, inson jinsiy a’zolari hayotiy zarur bo‘lgan uch faoliyatni amalga oshiradi: 



Reproduktiv yoki generativ, ya’ni zurriyot qoldirishga, nasl davom ettirishga yo‘naltirilgan asosiy faoliyat. 

Kopulyativ — jinsiy munosabatni amalga oshirishni ta’minlaydigan, ya’ni intim faoliyat. 

Endokrin — ichki sekretor bezlarga xos, ya’ni gormonlar ishlab chiqaruvchi faoliyat. 

Ushbu uch faoliyatning uzviy bog‘liqligi jinsiy munosabat va zurriyot masalasida oilaning me’yoriy garmoniyasini ta’minlaydi. Anatomik jixatdan tashqi va ichki jinsiy a’zolar tafovut qilinadi. Ushbu risolaning mazmunini to‘la anglamoq uchun erkaklar ichki jinsiy a’zolarining tuzilishi va fiziologik xususiyatlaridan boxabar bo‘lish zarur. Shu bois ham quyida aynan ichki jinsiy a’zolar haqida muxtasar tushuncha berib o‘tamiz. 

Erkaklarning ichki jinsiy a’zolari 



Moyaklar 

Moyak ortiqlari 

Urug‘ chiqaruv yo‘lagi 

Urug‘ pufakchalari 

Urug‘ sochuv majmui 

Urug‘ do‘mboqchasi (urug‘ tizimchasi) 

Peshob chiqaruv kanali 

“Erkakning yuragi”ga mengzaladigan prostata bezi 

Moyaklar 



Moyaklar — yorg‘oq ichida joylashgan kabutar tuxumidan yirikroq, oval shaklli juft a’zo. Har bir moyak yetti qavat bilan o‘ralgan bo‘lib, urug‘ tizimchasiga osilgan tarzda turadi. Urug‘ tizimchalari orqali esa urug‘ chiqaruv yo‘lagi, qon, limfa tomirlari, asab va mushak tolalari o‘tadi. Moyaklar ichida uzun, ingichka o‘ram tarzidagi urug‘ kanalchalari mavjud. Ular hajman moyakning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Moyaklar qattiq qobiq bilan o‘ralgan bo‘lib, u o‘z navbatida nursimon tusda a’zo ichiga kiradi va tilimsimon bo‘lmachalarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Ushbu bo‘lmachalar ichini urug‘ kanalchalari to‘ldirib, 250-300 nafarga yetadigan mitti tilimlarni hosil qiladi. Urug‘ kanalchalarining devorlarida maniy hamda Sertoli tayanch hujayralarini ilg‘ash mumkin. Urug‘ kanalchalarining ichida esa yetuk spermatozon hujayralar joylashadi. Urug‘ kanalchalarining tashqi qismida, ya’ni oraliqlarida interstitsial endokrinotsntlar — tuxumlar glandulotsitlarn bo‘lgan Leydiga hujayralari joylashadi. 



Umuman, bajaradigan vazifalari nuqtai nazaridan jinsiy a’zolarning o‘zaro uzviy bog‘liq to‘rt guruhini tafovut etish mumkin: 



Jinsiy bezlar — moyaklar (urug‘donlar). 

Qo‘shimcha jinsiy a’zolar, ya’ni moyak ortiqlaridagi bezchalar. 

Jinsiy, ya’ni shahvat chiquvchi yo‘llar. 

Qovushish a’zolari (zakar va h.k.). 

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek moyaklar ikki xil vazifani bajaradi: 



Generativ faoliyat — spermatogenez jarayonida erkaklar jinsiy xujayralarini (spermiylarni) xosil etib, nasl davomiyligini ta’minlash. 

Inkretor, ya’ni sekretor faoliyat — gormonlar ishlab chiqish. Odatda, moyaklar da erkaklarga xos gormon — androgenlar asosan testosteron shaklida ishlab chiqiladi. Shuningdek, moyaklarda ozroq miqdorda ayollarga xos gormon — estrogenlar ham asosan estradiol shaklida ishlab chiqiladi. Testosteron faol androgen gormon hisoblanib, moyaklar interstitsial to‘qimasida yakka yoxud g‘uj bo‘lib joylashgan glanduloditlarda, ya’ni Leydiga hujayralarida ishlab chiqiladi. Bu gormon hisobiga rasidalik alomatlari va jinsiy mayl vujudga keladi. Odatda, 25-40 yoshdagi erkaklar organizmida, sutka davomida 4-7 mg testosteron ishlab chiqiladi. 

Testosteron urug‘ pufakchalarida fruktozaning, prostata bezida fosfataza va limon kislotasining, moyak ortiqlarida kornitin moddasining paydo bo‘lish jarayonini kuchaytiradi. Yuqorida ta’kidlangan moddalar miqdorining shahvat tarkibida pasayib ketishi moyaklarning sekretor faoliyati susayganligidan dalolatdir. 



Urug‘ kanalchalarida spermatogenez jarayoni erkaklarning xos gormonlari — androgenlar ta’sirida 74 kun davom etadi. 



Moyak ortiqlari 



Moyak ortiqlari embrional bosqichda alohida a’zo sifatida rivojlansada, go‘dak tug‘ilgan paytdayoq moyakning orqa tomoniga yuqoridan tutashadi. Bu ortiqlar androgenlar ishlab chiqilishidagi faol sekretor a’zolar hisoblanadi. Moyaklarning o‘ram shaklidagi urug‘ kanalchalari tuxum turlaridan o‘tgach, ortiqlar ichida qaytadan o‘ramlar tashkil etadi. Uzunroq, to‘g‘ri bu kanalchalar konik shaklli tilimchalarni xosil qiladi. 5-18 nafar moyak ortig‘i o‘ramalarin1shg eng kattasi, balanddagisidan boshlab barcha tilimchalar o‘rami ochiladigan ortiq yo‘lchasi o‘tadi. 6-7 sm uzunlikdagi biroz egriroq bu urug‘ yo‘lchasi distal bo‘limga kelgach urug‘ olib chiquvchi yo‘lga tutashadi. Shahvat hujayralari moyak ortig‘ining bosh qismidan dumiga qadar 14 kun yo‘l bosib o‘tadi. Bu paytda hujayralar yanada yetuklashadi, urug‘lantirish xususiyati oshadi. Harakat davomida shahvat xujayralari moyak ortig‘ining dum qismida yig‘ilib, qo‘nim topadi. Shu bois, ortiqning dum qismidagi spermiy hujayralar soni me’yoriy eyakulyatdagiga nisbatan o‘n barobar ko‘p bo‘lishi mumkin. Albatta, moyak ortiqlaridagi bu jarayonlarga androgen gormonlar ijobiy ta’sir etadi. Odatda moyaklar ichida voyaga yetgan spermatozoidlarga nisbatan ortiqlarda yetilgan hujayralar ancha chidamli, harakatchan va urug‘lantirish qobiliyati yuqori bo‘ladi. 



Olimlar moyak ortiqlarida spermatofagiya jarayoni, ya’ni spermogenez biologik sanatsiyasi ro‘y berishini aniqlashgan. Bu a’zodagi spermiofag maxsus hujayralari nuqsonli spermatozoidlarni yutib, hazm qilib, dunyoga nogiron bolalar kelish xavfini salmoqli darajada kamaytirar ekan. 



Agar moyak ortiqlari to‘liq shikastlansa, urug‘ kanalchalarining to‘lib qolishi va xalokati ro‘y beradi. Bu esa spermatogenez jarayonining buzilishiga va bepushtlikka olib keladi. 



Shaxvat hujayralarining moyakdan ortiqqa o‘tishi chiqaruv yo‘lchasi epiteliyining tuksimon kiprikchalari yordamida hamda tuxum sekreti chiqishidagi doimiy bosim natijasida ro‘y beradi. 



Hayotda moyak ortiqlarining tuxumlardan ayricha tarzdaligi, ortiqlarning bosh qismi nomavjudligi, keskin kichrayganligi goho esa birovining tug‘ma bo‘lmasligi kabi anomaliyalari uchrab turadi. 



Urug‘ chiqaruv (o‘tkazuv) yo‘li 



Urug‘ chiqaruv (o‘tkazuv) yo‘li moyak ortiqlarining bevosita davomi tarzidagi a’zo xisoblanib, o‘rtacha 45-59 sm uzunlikda bo‘ladi. Bu a’zo uzunligi bo‘ylab ortiq, tizim, qov, erkin va tos qismlarga bo‘linadi. Bu besh qismning nihoyasi — qov bo‘limi, u ampulasimon kengayish bilan tugaydi. Urug‘ chiqaruv yo‘lining bu ampulalari o‘tkir burchak ostida urug‘ pufakchalarining chiqaruv kanallariga tutashadi. Odatda, bu ampulali qismlar urug‘ pufakchasining chiqazuvchi yo‘llari bilan birlashib, urug‘ sochuvchi majmuani tashkil etadi. Bu majmua esa prostata bezi orqali o‘tib, peshob chiqaruv kanalining orqa qismidagi urug‘ do‘mboqchasiga nuqtadek tor tirqish bo‘lib ochiladi. Urug‘ chiqaruv yo‘lining asosiy vazifasi devorlaridagi mushakli qavatning ritmik qisqarishi hisobiga moyak ortig‘idagi shahvat hujayralarini urug‘ sochuvchi qismgacha yetkazib berishdir. 



Urug‘ chiqaruv yo‘lining butunlay bo‘lmasligi, yopilib qolishi yoki kichrayib ketishi kabi anomal, nuqsonli turlari ham gohida uchrab turadi. 



Urug‘ pufakchalari 



Urug‘ pufakchalari prostata bezi tagiga yaqin joylashgan juft a’zo bo‘lib, old tomondan peshob qopining tub qismiga, ort tomondan esa to‘g‘ri ichakning old qismiga yondosh turadi. Yetuk erkakda bu a’zoning o‘rtacha uzunligi 4-5 sm.ni, eni 1,5-2 sm.ni, yug‘onligi esa 1-1,5 sm.ni tashkil etadi. Urug‘ pufakchalari bez a’zo bo‘lganligi bois androgen gormonlarga bog‘liq tarzda faoliyat ko‘rsatadi. Shu sababli ayrim sabablarga ko‘ra moyaklari olib tashlangan kimsalarda prostata bezi bilan bir qatorda urug‘ pufakchalarining ham atrofik kichrayishi va keyinchalik faoliyatining asta-sekinlik bilan so‘nishi kuzatiladi. Urug‘ pufakchalarida jelatinsimon konsistentsiyali, hidsiz, shaffof yoxud oqishsimon-kulrang rangli suyuqlik ishlab chiqiladi. Ishqoriy muhitli bu sekret shahvat suyuqligining quyushqoqligini ta’minlaydi. Bu suyuqlikning tarkibiy qismi bo‘lgan fruktoza esa androgen gormonlarga uzviy bog‘liq holda spermatozoidlar uchun quvvat zahirasi vazifasini o‘tab, ularning hayotchanligini oshiradi. Fiziologik nuqtai nazardan qaralganda, urug‘ pufakchasining suyuqligi shahvat quyushqoqligi va moslashuvchanligini ta’minlash yo‘li bilan spermatozoidlarni jinsiy yo‘llardan o‘tish jarayonidagi shikastlanishlardan himoyalaydi. Shuningdek, energetik ta’minlovchi fruktoza diffuziyasidan tashqari, o‘z ishqoriy muhiti bilan qinning kislotali muhitini neytrallashtirib, urug‘ hujayralarini halokatdan asraydi. Odatda urug‘ pufakchasining to‘lishi, jinsiy mayl va qo‘zg‘alishni keskin kuchaytiradi. 



Erkak organizmida testosteron, ya’ni erlik gormoni kamaysa, shu zahotiyoq fruktoza miqdori pasayib ketadi. Gormonlar ko‘payishi fruktozaning ham oshishiga olib keladi. Urug‘ pufakchalarining devorlari qanchalik sekret bilan to‘lib taranglashsa, shahvoniy ishtiyoq shunchalik kuchayadi. 



Urug‘ sochuv majmui 



Urug‘ sochuv majmui urug‘ pufakchasi chiqaruv yo‘li va urug‘ chiqaruvchi yo‘llarning majmuidan iborat. Uzunligi 2 sm keladigan bu juft a’zoning ich qismi urug‘ chiqaruv yo‘lining ichidan ikki baravar kichik. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, urug‘ sochuv majmui nuqtadek tirqish tarzida urug‘ do‘mboqchasi shilliq kavatiga ochiladi. Urug‘ sochuv yo‘lining chiqaruvchi yo‘llardan ancha torligi bois, bu yerdan urug‘ chiqishida katta bosim imkoniyati yaratiladi. Natijada bu a’zodagi asab tolalarining retseptorlari kuchli ta’sirlanib, inzol, yani lazzatlanish jarayoni ro‘y beradi. 



Urug‘ do‘mboqchasi 



Urug‘ do‘mboqchasi — peshob chiqaruv kanalining prostatik qismi orqa devorida tepachadek turtib chiqib turadigan a’zo. Uning uzunligi 9 mm, balandligi 3-4 mm, eni 3 mm.ni tashkil etadi. Bu a’zo go‘yoki urug‘ sochuv yo‘lining klapani xisoblanadi. Urug‘ do‘mboqchasida aylana mushak tolalari yig‘ilgan bo‘lib, yopiluvchi sfinkter, ya’ni spermatik jomni hosil qiladi. Bu joyda juda ham ko‘p asab tolalari mavjud. Urug‘ do‘mboqchasi orqa miyadagi shahvoniy markazlarning birlamchi reflektor qo‘zg‘alishida xam sezuvchi retseptiv hudud sifatida muhim o‘rin tutadi. Ma’lum bir bosqichlarga kelib, spermatik jom mushak tolalari bo‘shashishi natijasi o‘laroq eyakulyatsiya (shahvat chiqishi) va orgazm (lazzatlanish) ro‘y beradi. Demak, urug‘ do‘mboqchasi jinsiy qo‘zg‘alish, shahvat chiqishi va lazzatlanish jarayonlarida muhim rol o‘ynaydi. Hayotda urug‘ do‘mboqchasining kattalashgan anomal ko‘rinishi ham uchrab turadi. Bunday anomal holat peshob chiqishini qiyinlashtiradi. 



Peshob chiqaruv kanali (uretra) 



Peshob chiqaruv kanali (uretra) 18-22 sm uzunlikdagi naysimon a’zo bo‘lib, olat boshidagi tashqi teshikdan to peshob qopining ichki sfinkterigacha davom etadi. Anatomik jihatdan bu a’zoda ichki — prostatik, o‘rta membranoz va tashqi kavernoz qismlar tafovut qilinadi. Klinik jihatdan esa old uretra (tashqi teshikdan to peshob qopi tashqi sfinkterigacha) va orqa uretra (peshob qopi tashqi sfinkteridan siydik chiqaruv kanali ichki teshigigacha) tafovut qilinadi. 



Peshob chiqaruv kanalining o‘z bezlari mavjud. Jumladan, uretraning prostatik va membranoz qismlari chegarasida bulbouretral, ya’ni Kuper bezlari qaror topgan. Shuningdek, kanal shilliq qavatida Littre nay — alveolyar bezlari ham mavjud bo‘lib, ishqoriy muhitli, shaffof suyuqlik ishlab chiqadi. Bu sekretlarning tashqariga chiqishi qo‘zg‘alganda ko‘payadi. Shu bilan bir qatorda uretrada betartib tarzda joylashgan Morgani bezlari ham mavjud. Peshob chiqaruv kanali tashqi teshigi yaqinida olat kertmaginiig Tinzoni bezlari joylashgan. Bu bezlar o‘ziga xos hidli, oqish, yog‘simon sekret, ya’ni smegma ishlab chiqadi. Peshob chiqaruv kanalining bezlari quyidagi ikki vazifani bajaradi. 



Ishqoriy suyuqlik ishlab chiqib, peshobning kislotali muhitini neytrallashtirib turadi. 

Kanalniig shilliq qavatini namlab, spermatozon hujayralar o‘tishiga qulay sharoit yaratadi. 

Urug‘ tizimchasi 



Urug‘ tizimchasi moyaklar va qov kanalini bog‘lab turadi. Bu a’zoni yorg‘oq ildiz qismida 1 sm yo‘g‘onlikdagi yumshoq arqon tarzidaligini paypaslaganda ilg‘ash mumkin. Urug‘ tizimchasi tarkibiga urug‘ chiqaruv yuli, moyakni ko‘taruvchi mushak hamda tomirlar va asab tolalari kiradi. 



Mavzuimizni tushuntirishda qo‘l keladigan erkaklarning ichki jinsiy a’zolari xaqidagi muxtasar ma’lumotlar shulardan iborat. 



Shu a’zolardan biri bo‘lgan prostata bezining o‘ta muhim ahamiyatga molik jihatlarini ko‘zda tutib, bu haqda mufassalroq to‘xtalmoqdamiz.

Просмотров: 20670 | Добавил: Anfalit | Рейтинг: 2.6/26
Барча изохлар: 1
avatar
0
1 Anfalit • 12:18, 02.03.2015
ewre
avatar